O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasida INHA University in Tashkent rektori, prorektori hamda universitetning xalqaro va tashqi aloqalar yo‘nalishi mas’ul vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Assambleyaning mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi strategik faoliyati, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tashabbuslari hamda ta’lim, innovatsiya va bandlikni o‘zaro bog‘lovchi amaliy loyihalari taqdim etildi.
Tomonlar iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularni zamonaviy kasb va texnologiyalar bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltirish, ilmiy-innovatsion muhitga jalb etish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Ayniqsa, ta’lim tizimi bilan real sektor o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni kuchaytirish, talabalarni amaliy loyihalar orqali ish tajribasiga ega qilish va ularning bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Bugungi kunda mazkur hamkorlik amaliy natijalar bera boshlagan. O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasining AI laboratoriyasi (Sun’iy intellekt laboratoriyasi) faoliyatida INHA University in Tashkent talabalari bevosita ishtirok etib, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, ma’lumotlar tahlili va innovatsion texnologiyalar yo‘nalishidagi loyihalar ustida ishlamoqdalar. Bu esa universitet ta’limi va amaliy innovatsion muhit integratsiyasining samarali modelini namoyon etmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim, sun’iy intellekt, startap ekotizimi, ilmiy tadqiqotlar va yoshlar bandligi yo‘nalishlarida uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma dasturlar va mentorlik platformalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur muloqot “ta’lim – innovatsiya – iqtisodiyot” zanjirini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni yangi iqtisodiyot talablariga mos ravishda tayyorlash va O‘zbekistonning intellektual kapitalini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.

