O‘zbekistonning eng yirik milliy to‘lov tizimlaridan biri — UZCARD bosh ofisida O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

UZCARD bugungi kunda mamlakatning raqamli to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotgan kompaniya bo‘lib, millionlab foydalanuvchilarga zamonaviy to‘lov xizmatlari, bank kartalari ekotizimi va innovatsion fintech yechimlarini taqdim etmoqda. Kompaniya O‘zbekistonda naqd pulsiz to‘lovlar ulushini oshirish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasining iqtisodiyotning turli tarmoqlarini birlashtiruvchi ekotizimi, 50 dan ortiq sohaviy uyushmalari hamda 20 dan ziyod strategik loyihalari taqdim etildi. Xususan, Konglomerat loyihasi va Smart City tashabbuslari UZCARD vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tomonlar UZCARDning Konglomerat loyihasiga a’zo bo‘lish istiqbollari, raqamli iqtisodiyot, zamonaviy to‘lov texnologiyalari, Smart City loyihalari hamda innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Mazkur uchrashuv davlat, biznes va raqamli texnologiyalarni yagona platformada birlashtirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasiga xizmat qiladigan istiqbolli hamkorlik uchun muhim qadam bo‘ldi.